Chirchiqda 2 mlrd so‘mlik QQS firibgarligi aniqlandi

Chirchiq shahrida 2 mlrd so‘mlik QQS firibgarligi aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MChJning avval sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona rahbari ishonchiga kirgan. U 2025–2026 yillarda korxona 20 mlrd so‘mga yaqin aylanmaga ega bo‘lganini ko‘rsatuvchi qalbaki hujjatlar tayyorlashni taklif qilgan. Uning aytishicha, shu yo‘l bilan korxonaga budjetdan 2 mlrd so‘m QQSni qaytarib olish mumkin bo‘lgan. Bu «xizmat» evaziga esa 340 mln so‘m talab qilingan.
Mazkur sxemada asosiy amaliyotlarni uning sherigi, Andijon shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor bajargan. U tanishlari orqali MChJ va Navoiydagi korxona o‘rtasida soxta elektron shartnoma rasmiylashtirgan. Shartnomaga ko‘ra, go‘yoki 18 mlrd 670 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan, transport xizmati ko‘rsatilgan va qurilish materiallari yetkazib berilgan. Shu asosda 10 ta qalbaki elektron hisob-faktura tuzilib, 2 mlrd so‘m QQS qaytarilishiga erishilgan.
Keyinchalik talab qilingan 340 mln so‘m pulni olish jarayonida jinoyatga aloqador yana ikki shaxs jalb qilingan. Ular Qibray tumanida yashovchi 1973-yilda tug‘ilgan va Andijon shahrida yashovchi 1996-yilda tug‘ilgan, ilgari bir necha bor sudlangan shaxslar bo‘lgan.
Huquq-tartibot organlari aynan pul mablag‘lari olinayotgan vaqtda ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘ydi. Aniqlanishicha, ushbu mablag‘ o‘zaro taqsimlab olinishi rejalashtirilgan.
Mazkur to‘rt nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov davom etmoqda. Shu bilan birga, ushbu sxemaga aloqador bo‘lgan soliq idoralari xodimlarini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yil boshidan 32,3 mlrd so‘m QQS tadbirkorlarga qaytarilgani haqida yozgan edi.