Chevrolet yangi avtomobilini taqdim etadi — tafsilotlar

General Motors yangi Chevrolet Sonic 2027 krossoveri haqida dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi. Model yaqin kunlarda Braziliyada ilk bor ommaga taqdim etiladi.
Yangi Sonic kompaniyaning Janubiy Amerika bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan. U mintaqa bozori uchun mo‘ljallangan boshlang‘ich darajadagi krossover hisoblanadi. Avtomobil dizayni kupe uslubida ishlangan. Tashqi ko‘rinishda zamonaviy va sportiv chiziqlar qo‘llanilgan. Ishlab chiquvchilar model dizayni Chevrolet Equinox EV dan ilhomlanganini ta’kidladi.

O‘lchamlari ham e’lon qilindi. Krossover uzunligi 4230 mm, kengligi 1770 mm va balandligi 1530 mmni tashkil etadi. Bu model brend qatorida Chevrolet Onix Activ va Chevrolet Tracker orasida joylashadi.
Kompaniya vakillariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqishda zamonaviy raqamli texnologiyalar qo‘llangan. Model o‘z segmentida salon kengligi, ergonomika va boshqaruv qulayligi bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Yangi Sonic 2027-yilning ikkinchi choragida Braziliyada rasman taqdim etiladi. Model shu zahoti sotuvga chiqadi.

Seriyali ishlab chiqarish esa Braziliyadagi Gravatai zavodida yo‘lga qo‘yiladi. Avtomobil nafaqat mahalliy bozor, balki Lotin Amerikasining boshqa davlatlariga ham eksport qilinadi.
Ma’lumot uchun, Chevrolet Sonic – bu Chevrolet brendining eng mashhur ixcham avtomobillaridan biri hisoblanadi. Model ilk bor 2011-yilda taqdim etilgan bo‘lib, u avvalgi Chevrolet Aveo o‘rnini egallagan. Sonic nomi bilan avtomobil, asosan, AQSh va boshqa yirik bozorlarda sotilgan, boshqa mamlakatlarda esa Aveo nomi saqlanib qolgan.

Model B-segmentga mansub bo‘lib, u kundalik foydalanish uchun mo‘ljallangan, tejamkor va nisbatan arzon avtomobil sifatida ishlab chiqilgan. Sonic sedan va xetchbek кузовlarida taklif qilingan. Dizaynida yoshlar auditoriyasiga mos sportiv elementlar qo‘llanilgan. Ayniqsa, old faralarning ochiq dizayni va agressiv radiator panjarasi modelni boshqalardan ajratib turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix narxidagi Nio Firefly 2026 taqdim etilgani haqida yozgan edi.