Qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni litsenziyalash tartibi yangilanadi

Qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni litsenziyalash tartibi yangilanashiga oid hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Endilikda investitsiya vositachilari hamda aktivlarni ishonchli boshqaruvchilar uchun ustav kapitali bo‘yicha aniq minimal mezonlar belgilanadi.
Kutilayotgan tartibga ko‘ra, litsenziya olish uchun yuridik shaxs ustav kapitalini pul mablag‘i ko‘rinishida shakllantirishi shart. 2026-yil 1-iyuldan boshlab bu miqdor kamida 3 ming baravar bazaviy hisoblash miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak. 2027-yil 1-iyuldan esa talab 4 ming BHMgacha oshiriladi. 2028-yildan boshlab esa minimal ustav kapitali 6 ming BHM darajasida belgilanadi.
Shuningdek, agar kompaniya bir nechta litsenziyalanadigan faoliyat turi bilan shug‘ullansa, ustav kapitali bo‘yicha talablar jamlangan holda qo‘llanadi. Yangi tizim faqat kapital miqdori bilan cheklanmaydi. Litsenziya talabgorlari moliyaviy barqarorlikni ta’minlashi, ichki nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishi va malakali xodimlarga ega bo‘lishi kerak.
Qanday tartib joriy etiladi
Texnik infratuzilma ham fond bozori ishtirokchilari bilan elektron hamkorlikka tayyor bo‘lishi shart. Litsenziya berish vakolati Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga tegishli bo‘lib, u qaror qabul qilishda asoslantirilgan mulohaza mexanizmidan foydalanadi. Bu esa rasmiy hujjatlar bilan birga qo‘shimcha axborot va tahlillar ham hisobga olinishini anglatadi.

Litsenziya olgan tashkilotlar faoliyati ustidan nazorat tartibi aniq belgilandi. Endilikda litsenziyalovchi organ qonunchilikda ko‘rsatilgan tartibda litsenziatlarning barcha faoliyatini doimiy ravishda kuzatib boradi. Nazorat jarayonida organ litsenziatlarni joyiga chiqqan holda tekshirishi mumkin. Bunda tekshiruvlar tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi vakil bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi. Shuningdek, zarur hollarda litsenziatdan qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilinadi va tekshiruv yakunida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha rasmiy dalolatnoma tuziladi.
Agar qoidabuzarlik aniqlansa, litsenziatga uni bartaraf etish majburiyati yuklanadi va aniq muddat belgilanadi. Qoidalar buzilishi jiddiy bo‘lsa, litsenziya 10 ish kunigacha to‘xtatib turilishi mumkin. Bundan tashqari, sud orqali litsenziyani 6 oygacha to‘xtatish yoki butunlay bekor qilish tashabbusi ham kiritilishi mumkin. Qonunbuzarliklar uchun jarimalar ham qo‘llanadi. (Loyihada qonunbuzarliklar uchun jarima miqdorlari keltirilmagan)
Mazkur loyiha 16-aprel sanasiga jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, u qabul qilinishi yoki umuman qabul qilinmasligi yoki loyihaga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri XVJ tokenlashtirish moliyaviy inqirozlarni tezlashtirishi mumkinligidan ogohlantirgani haqida yozgan edi.