Amir Temur tavalludiga atab bezatilgan metro harakatga tushiriladi

eʼlon qilindi
Chilonzor yo‘nalishi bo‘ylab
Amir Temur tavalludiga atab bezatilgan metro harakatga tushiriladi / Foto: Yandex

9-aprel kuni Toshkent metrosida Amir Temur siymosi bilan maxsus bezatilgan metro poyezdi harakatga qo‘yiladi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» DUK matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan «Toshkent metropoliteni» DUK hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkaziladi.

«Ushbu tashabbus buyuk ajdodimizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromning yana bir ifodasi bo‘lib, yo‘lovchilar qalbida milliy g‘urur hamda tariximizga bo‘lgan qiziqishni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», – deyiladi xabarda.

Maxsus metro poyezdi Chilonzor yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi va «Amir Temur xiyoboni» metro bekatida qo‘shimcha 1 daqiqa to‘xtab turadi. Bu esa tadbirga ishtirok etayotgan yo‘lovchilarga yana bir imkoniyat yaratadi.

Ma’lumot uchun, endilikda har yili aprel oyi «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilinadi va uning doirasida barcha tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi.

Bundan tashqari, Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar va ko‘rgazmali axborot vositalari turkumi yaratiladi, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalar muomalaga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida Toshkent metrosi sxemasi yangilangan edi. Unda yo‘lovchilar uchun muhim metro harakat jadvali va vaqt ko‘rsatkichlari aniqlashtirilgan.

Shuningdek