Delta aviakompaniyasi nima sababdan 2 mlrd dollar yo‘qotadi

AQShning yirik Delta Air Lines aviakompaniyasi yonilg‘i narxining keskin oshishi sabab 2026-yilning ikkinchi choragida $2 mlrddan ortiq qo‘shimcha xarajatlarni kutayotir. Bu haqda Oneinvest nashri xabar bermoqda.
Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, aviatsiya yonilg‘isi narxi bir gallon (3,7 litrga teng) uchun $4,3 atrofida bo‘ladi. So‘nggi 30 kun ichida yonilg‘i narxi ikki barobardan ko‘proqqa oshgan. Shu sababli Delta rejalashtirilgan tashish hajmini kengaytirishdan voz kechdi va ikkinchi chorakda quvvatni taxminan 3,5 foizga kamaytiradi.
Shunga qaramay, kompaniya yil yakuni bo‘yicha moliyaviy prognozini o‘zgartirmadi. Delta 2026-yilda bir aksiyaga $6,5 – 7,5 daromad olishni kutmoqda. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan qariyb 20 foizlik o‘sishni anglatadi. Erkin pul oqimi esa $3-4 mlrd darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Kompaniya rahbari Ed Bastian noaniqlik sabab prognozni qayta ko‘rib chiqish hozircha maqsadga muvofiq emasligini bildirdi. Unga ko‘ra, yonilg‘i narxining ta’siri keyingi oylar davomida aniqroq baholanadi. Shu bilan birga, Delta mavjud tariflardan tashqari chipta narxlarini yana oshirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Yonilg‘i xarajatlarining oshishi fonida kompaniya daromadni saqlab qolish uchun qo‘shimcha yukni qisman yo‘lovchilarga yuklashga majbur bo‘lishi mumkin. Biroq bu bron qilish hajmiga salbiy ta’sir qilmasligi kerak. Shu bilan birga, kompaniya birinchi chorak natijalarini kutilganidan yaxshiroq yakunladi. Bir aksiyaga to‘g‘rilangan foyda $0,64 ni tashkil etdi. Bu prognozdan yuqori. Daromad esa 9,4 foizga oshib, rekord darajadagi $14,2 mlrdga yetdi.
Bozor esa bu xabarlarni ijobiy qabul qildi. 8-aprel kungi savdolarda Delta aksiyalari bir paytning o‘zida 13 foizgacha oshdi. Keyin o‘sish sur’ati pasayib, 6 foiz atrofida saqlanib qoldi. United Airlines aksiyalari ham qariyb 11 foizga ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri aviakompaniya dispetcherlari smenadan oldingi tibbiy ko‘rikdan o‘tmasligi haqida yozgan edi.