Goldman: Hormuz yopiq qolsa, Brent neftining narxi 100 dollardan yuqori bo‘ladi

Goldman Sachs tahlilchilariga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi yana bir oy yopiq qolsa, 2026-yil davomida Brent nefti narxi $100 dan yuqori darajada saqlanishi mumkin.
Bank ekspertlari vaziyatni beqaror deb baholamoqda. Ularning fikricha, neft bozoridagi xatarlar hanuz yuqori va narxlar o‘sish tomonga og‘moqda. Bu bayonot Jey Di Vens tomonidan Yaqin Sharqdagi sulh mo‘rt ekani haqidagi fikrlar fonida yangradi.
Goldman Sachs asosiy ssenariyga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali energiya oqimi yaqin kunlarda tiklana boshlaydi. Bir oy ichida eksport urushdan oldingi darajaga qaytishi kutilmoqda. Bu holatda 2026-yil uchinchi choragida Brent narxi $82, to‘rtinchi chorakda esa $80 atrofida bo‘lishi mumkin.
Biroq salbiy ssenariyda, agar bo‘g‘oz ochilishi bir oyga kechiksa, yilning ikkinchi yarmida neft narxi $100 dan oshadi. Yanada keskin holatda esa narxlar uchinchi chorakda $120 gacha, yil oxirida esa $115 atrofida shakllanishi mumkin.
9-aprel kuni neft narxlari yana o‘sishni boshladi. Bir kun oldin Yaqin Sharqdagi vaqtinchalik sulh fonida narxlar so‘nggi olti yil ichidagi eng katta pasayishni qayd etgan edi. Shundan so‘ng Brent yana 2 foizdan ko‘proq qimmatlab, $97 ga yaqinlashdi. WTI markasi ham deyarli $97,8 darajasida savdo qilindi.
Bozordagi bu tebranishlar Eron tomonidan Isroilni sulhni buzishda ayblash fonida yuz bermoqda. Xususan, Livanga berilgan zarbalar ortidan Hormuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. AQSh tomoni esa bu ma’lumotlarni rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron hukumati Hormuz bo‘g‘ozini nega yopgani haqida yozgan edi.