Zargarlarga QQSning bir qismini qaytarish tartibi qanday

eʼlon qilindi
Ushbu imtiyoz 2028-yil 1-yanvargacha amal qiladi
Zargarlarga QQSning bir qismini qaytarish tartibi belgilandi
Zargarlarga QQSning bir qismini qaytarish tartibi belgilandi / Foto: Norma.uz

O‘zbekistonda zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismini qaytarish tartibi belgilandi. Tegishli o‘zgarishlar Hukumat qarori bilan tasdiqlanib, yangi vaqtinchalik nizom joriy etildi.

Mazkur tartibga ko‘ra, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ularni chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 2026-yil 1-yanvardan boshlab to‘langan QQSning 80 foizi respublika budjetidan qaytarib beriladi. Ushbu imtiyoz 2028-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

Tadbirkorlar soliq hisobotini topshirgach, uch oydan kechiktirmagan holda qaytarish uchun murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar maxsus avtomatlashtirilgan tizim orqali ko‘rib chiqiladi va belgilangan shartlar bajarilganda mablag‘lar avtomatik tarzda qaytariladi.

QQSning bir qismini qaytarish uchun bir qator talablar mavjud. Jumladan, hisoblangan soliq o‘z vaqtida — hisobot davrining 1-sanasidan 20-sanasigacha to‘liq to‘langan bo‘lishi kerak. Shuningdek, hisobot davrida zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki sotishdan tushgan daromad umumiy tushumning kamida 80 foizini tashkil etishi lozim.

Bundan tashqari, savdo jarayonida rasmiylashtiriladigan hisobvaraq-fakturalar va kassa cheklarida mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, jumladan identifikatsiya kodlari to‘g‘ri aks ettirilgan bo‘lishi talab etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari uchun soliq bazasi mahsulotning sotilish narxi bilan uning tarkibidagi qimmatbaho metall va toshlar qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq asosida aniqlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chirchiqda 2 mlrd so‘mlik QQS firibgarligi aniqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek