«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovi g‘oliblarining ustozlariga 41 million so‘mgacha mukofot puli beriladi

eʼlon qilindi
Ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish har yili 1-martgacha amalga oshiriladi
«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovi g‘oliblarining ustozlariga 41 million so‘mgacha mukofot puli beriladi
«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovi g‘oliblarining ustozlariga 41 million so‘mgacha mukofot puli beriladi / Foto: Yuz.uz

O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida kasbiy mahoratni rivojlantirishga qaratilgan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» milliy tanlovini o‘tkazish tartibi belgilandi. Tegishli nizom Hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, tanlovda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan texnikum o‘quvchilari, talabalar, yoshlar hamda band bo‘lmagan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladi.

Ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish har yili 1-martgacha Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

Tanlov uch bosqichda tashkil etiladi. Dastlabki bosqichda mahallalardan har bir kasb yo‘nalishi bo‘yicha 3 nafardan nomzod saralanadi. Ikkinchi bosqichda esa texnikum o‘quvchilari va birinchi bosqich g‘oliblari ishtirok etadi. Yakuniy bosqichga esa eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan ishtirokchilar yo‘l oladi.

Musobaqalar texnikumlar, ish beruvchi tashkilotlar, IT-parklar hamda maxsus jihozlangan poligonlarda o‘tkaziladi.

Tanlovning yakuniy bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar va ularning amaliyot ustozlari quyidagicha pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin (oltin medal) sohibiga — 20 BHM, ya’ni 8 mln 240 ming so‘m, amaliyot ustoziga esa 100 BHM — 41 mln 200 ming so‘m;
  • 2-o‘rin (kumush medal) sohibiga — 15 BHM, ya’ni 6 mln 180 ming so‘m, ustoziga 80 BHM — 32 mln 960 ming so‘m;
  • 3-o‘rin (bronza medal) sohibiga — 10 BHM, ya’ni 4 mln 120 ming so‘m, ustoziga 60 BHM — 24 mln 720 ming so‘m.

Shuningdek, g‘oliblar WorldSkills International tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan WorldSkills xalqaro chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan para sportchilar va sport homiylari uchun yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek