Aktivlari $2,44 mlrd bo‘lgan UzNIF Toshkent va Londonda IPO o‘tkazish rejalarini e’lon qildi

«O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi» aksiyadorlik jamiyati (UzNIF) ro‘yxatdan o‘tish hujjatini e’lon qilish niyati va o‘z aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini rasman ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.
Joylashtirish tafsilotlari
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, taklif ikki transhdan iborat bo‘ladi:
- Toshkentdagi taklif: oddiy aksiyalar O‘zbekistondagi institutsional va chakana investorlarga taklif etiladi. Aksiyalar listingi «Toshkent» respublika fond birjasida rejalashtirilgan.
- Xalqaro taklif: global depozitar tilxatlar (GDR) mamlakat tashqarisidagi institutsional investorlarga taklif qilinadi. GDR’larning London fond birjasining (LSE) asosiy maydonchasida savdolarga qo‘yilishi kutilmoqda.
Sotuvchi aksiyador sifatida hozirda kompaniyaning yagona egasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etadi. Kompaniyaning o‘zi qimmatli qog‘ozlar sotuvidan mablag‘ olmaydi.
«Toshkentdagi taklif bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan, tegishli chakana investorlar uchun narx tafsilotlari keyinroq e’lon qilinadi», – deyiladi kompaniya bayonotida.
Baholash va aktivlar portfeli
2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, UzNIF’ning portfel kompaniyalaridagi ulushlarining jami sof aktivlari qiymati (Total NAV) 2,44 mlrd dollarni tashkil etadi. Portfel 13 ta yirik davlat korxonalaridagi minoritar ulushlarni o‘z ichiga oladi.
Aktivlar tarkibida sektorlar bo‘yicha quyidagilar yetakchilik qilmoqda:
- transport — 32,4%;
- energetika — 19,1%;
- telekommunikatsiyalar — 15,2%;
- kommunal xizmatlar — 14,9%;
- bank sektori — 13,4%.
Jamg‘armaning ishonchli boshqaruvchisi sifatida Franklin Templeton global guruhi tarkibiga kiruvchi «Franklin Templeton Asset Management» XK MChJ faoliyat yuritadi.
«UzNIF O‘zbekistonda aktivlar qiymatini ochib berishga qaratilgan yagona strategik maqsad bilan boshqariladigan, kuchli va diversifikatsiyalangan strategik aktivlar portfeliga ega. Jamg‘arma mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ning jadal o‘sishini ta’minlayotgan O‘zbekistondagi jadal islohotlarning markazida turibdi», – deya ta’kidladi Templeton Global Investments’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori (CEO) Marius Dan.
O‘zbekiston tarixida ilk bor milliy kompaniyalar aksiyalarini bir vaqtning o‘zida xalqaro va mahalliy birjalarda savdoga qo‘yishga tayyorlanmoqda. Bu haqda prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Milliy investitsiya fondi kompaniyalar aksiyalarini nufuzli London birjasi hamda Toshkent birjasida sotuvga qo‘yadi. IPO jarayoniga tayyorgarlik va muvofiqlashtirish ishlari O‘zbekistonda ishlash litsenziyasiga ega «Franklin Templeton» xalqaro investitsiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
«Ushbu qadam — xorijiy investorlar uchun aniq va kuchli ishora. Bu bilan biz global qoidalar asosida — halol va shaffof ishlashga tayyor ekanimizni namoyon etmoqdamiz», – deydi Mirziyoyeva o‘z postida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,7 foiz o‘sish sur’atiga erishgani ma’lum qilingan edi.