Toshkentda 32 mingdan ortiq yo‘l haqi to‘lanmaganlik holati aniqlandi

2026-yilning o‘tgan uch oyida Toshkent shahrida 32 450 ta yo‘l haqi to‘lanmagan holat aniqlandi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Transport nazorati inspeksiyasi va «Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» DM xodimlari tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Hozirgi vaqtda to‘lov tizimi va inspektorlar faoliyati raqamlashtirilgan bo‘lib, nazorat tadbirlari monitoring natijalariga asoslanib, manzilli tarzda yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, 2026-yil boshidan hozirga qadar 8 ta yo‘nalishda yo‘l haqi nazorati kuchaytirilgan holda o‘tkazilib, natijada tranzaksiyalar soni oshganligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga binoan, transportda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida (hozirda 41,2 ming so‘m) jarimaga solinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq fevral oyida 7 mingdan ortiq yo‘lovchilarning yo‘l haqi to‘lamagani aniqlangan edi.