Yashirin dori omboridan 1 mlrd so‘mlik mahsulot musodara qilindi

Toshkent viloyatida noqonuniy dori vositalari saqlangan yashirin ombordan 1 mlrd so‘mlik mahsulot musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvda Toshkent tumanida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan shaxs noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. U xorijdan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan dori vositalarini o‘z uyida saqlab, poytaxtdagi dorixonalarga sotgan.
Ombor ko‘zdan kechirilganda 119 turdagi dori vositalari aniqlangan. Ular orasida «Frotu», «Budenofalk», «Gaviscon», «Baraclude» kabi nomlar mavjud. Umumiy hisobda 3356 quti va 76 318 dona dori vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirilib, olib qo‘yildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, musodara qilingan mahsulotlarning qiymati taxminan 1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ushbu dorilarning sifati va xavfsizligini aniqlash maqsadida namunalar olinib, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga ekspertizaga yuborildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.