Qozonlarga yashirilgan 190 kilodan ortiq giyohvand modda fosh etildi

Surxondaryo viloyatida qozonlarga yashirilgan 190 kilodan ortiq giyohvand modda kontrabandasi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistondan «Termiz avtoyo‘l» xalqaro o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan yuk avtomashinasi oldindan kuzatuvga olingan. Denov shahrida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Hyundai» rusumli yuk mashinasi chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida avtomashina yukxonasidagi 750 dona afg‘on qozonlarining 210 tasiga giyohvand modda yashirilgani aniqlandi. Qozonlar ichiga maxfiy tarzda joylashtirilgan «gashish»ning umumiy og‘irligi 190 kg 800 grammni tashkil etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qozonlar ishlab chiqaruvchi tomonidan Markaziy Osiyodagi xo‘jalik yurituvchi subyekt nomiga yuborilgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yashirin dori omboridan 1 mlrd so‘mlik mahsulot musodara qilingani haqida yozgan edi.