Tesla kompaniyasi arzon elektromobil ustida ishlamoqda

10-aprel 2026 12:47 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Tesla kompaniyasi arzon elektromobil ustida ishlamoqda
Foto: Pexels

Tesla kompaniyasi yangi, nisbatan arzon elektromobil ishlab chiqmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya bu safar mavjud modellarning soddalashtirilgan versiyasini emas, balki butunlay yangi kompakt krossover yaratishni rejalashtirmoqda.

Manbalarga ko‘ra, loyiha hali dastlabki bosqichda. So‘nggi haftalarda Tesla yetkazib beruvchilar bilan yangi modelning texnik yechimlari va ishlab chiqarish jarayonlarini muhokama qilgan. Kompaniya bu borada rasmiy izoh bermagan, biroq yangi avtomobilning seriyali ishlab chiqarilishi hali tasdiqlanmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi model hajman kichikroq va yengilroq bo‘ladi. Avtomobil uzunligi taxminan 4,28 metrni tashkil etadi, bu esa Model Y’dan kichikroq degani. Og‘irligi 1,5 tonna atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Xarajatlarni kamaytirish uchun bitta elektr motor va kichikroq batareya qo‘llanishi rejalashtirilmoqda, shu sabab yurish zaxirasi ham hozirgi modellarga qaraganda pastroq bo‘ladi.

Yangi elektromobilning narxi Model 3’dan ancha arzon bo‘lishi kutilmoqda. Hozir Model 3 Xitoyda $34 mingdan, AQShda esa $37 mingdan boshlanadi. Shu bois yangi model ommaviy segmentga mo‘ljallanishi mumkin.

Tesla aksiyalarining o‘zgarishi / Foto: Google ekran tasviri

Tesla 2024-yilda arzon elektromobil loyihasini to‘xtatib, robotaksi va gumanoid robotlarga e’tibor qaratgan edi. Endi yangi SUV ustidagi ishlar kompaniyaning yana ommaviy elektromobillar segmentiga qaytayotganini anglatishi mumkin. Shu bilan birga, model to‘liq avtonom boshqaruv imkoniyatiga ega bo‘lishi, ammo rul va pedallar ham saqlab qolinish ehtimoli mavjud.

Bozor fonida Tesla aksiyalari ham o‘zgaruvchan harakatni ko‘rsatdi. 9-aprel kuni savdolar boshida qimmatli qog‘ozlar qariyb 1,7 foizga pasaydi. Biroq kun davomida vaziyat o‘zgarib, aksiyalar 0,5 foizga o‘sishga erishdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tesla 2026-yil boshida yana dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchiga aylangani haqida yozgan edi.

Shuningdek