Mojtaba Xomanaiy: Eron vayronagarchiliklarga qaramay, urushda g‘alaba qozondi

Eronning oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy AQSh va Isroil bilan bo‘lgan urushda Tehron g‘alabaga erishganini ta’kidladi. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.
Mojtaba Xomanaiyning ushbu bayonoti uning otasi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh va Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lganining 40 kunligiga to‘g‘ri keldi. Eron telekanali orqali o‘qib eshittirilgan murojaatda mamlakat urush boshlamagani, biroq tajovuzkorlarni jazosiz qoldirmasligi aytilgan.
«Biz barcha zararlar, shuningdek, shahidlar va yaradorlarning qoni uchun tovon puli talab qilamiz», – deyiladi rasmiy bayonotda.
Chorshanba kuni Pokiston vositachiligida AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Sulh doirasida Eron 28-fevraldan beri to‘sib qo‘yilgan Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatlanishiga ruxsat bergani aytilmoqda. Xomanaiy bo‘g‘oz masalasida mamlakat yangi bosqichga o‘tishini ma’lum qildi.
Sulh kelishuviga qaramay, chorshanba kuni Isroilning Livanga bergan aviazarbalari oqibatida 300 dan ortiq kishilar halok bo‘ldi. Eron va Pokiston Livan ham ushbu sulh tarkibiga kirishini ta’kidlamoqda, biroq AQSh va Isroil buni rad etdi. 11-aprel kuni Pokistonda urushni yakunlash bo‘yicha Eron hamda AQSh delegatsiyalari ishtirokida navbatdagi muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakati tiklanmagani haqida xabar bergan edi.