Andijonda 1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish fosh etildi

Andijon shahrida 1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda yakka tartibdagi tadbirkor M.A. qonunni buzgan holda gaz tarmog‘iga ulanib olgani aniqlangan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, tadbirkor aholiga xizmat ko‘rsatish binosini tijorat maqsadida ishlatgan. U umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, katta hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Natijada yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri qozonlarga yashirilgan 190 kilodan ortiq giyohvandlik moddasi fosh etilgani haqida yozgan edi. Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistondan «Termiz avtoyo‘l» xalqaro o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan yuk avtomashinasi oldindan kuzatuvga olingan. Denov shahrida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Hyundai» rusumli yuk mashinasi chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazilgan.