Mirziyoyev Buxoroga jo‘nab ketdi: Toqayev bilan oliy darajadagi muzokaralar kutilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrif uchun jo‘nab ketdi. Safar doirasida davlat rahbari hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar bilan tanishadi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
11-aprel kuni esa Qosim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Oliy darajadagi uchrashuvlar aynan Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. Tomonlar siyosiy muloqot, parlamentlararo hamkorlik, hukumatlar va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi.
Shuningdek, savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va energetika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, suv va ekologiya masalalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish rejalashtirilgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Bundan tashqari, yetakchilar xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi. Tashrif doirasida tarixiy obidalarni birgalikda ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish va mahsulotlar ko‘rgazmasiga tashrif buyurish ham ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Qozog‘iston tashqi ishlar vazirini qabul qilgani haqida yozgandi.