O‘zbekistonning beshta viloyatidagi markaziy bozorlar va savdo komplekslari vaqtincha yopildi

Yong‘in xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun Namangan, Xorazm, Samarqand, Andijon va Buxoro viloyatidagi markaziy bozorlar va savdo komplekslari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Samarqand viloyati hududida Samarqand tumani Yangiariq MFYdagi Avto Mall savdo kompleksida elektr tarmog‘i muhrlanib, faoliyat qisman vaqtinchalik cheklab qo‘yildi.
Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan 2 ta neft mahsulotlari ombori va 1 ta gaz to‘ldirish stansiyasida aniqlangan jiddiy qoidabuzarliklar sababli ularning ishlashi vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.
Andijon viloyati Kuyganyor dehqon bozori hududida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ayrim savdo nuqtalari faoliyati cheklangan tartibda tashkil etildi.
Xorazm viloyati Urganch markaziy dehqon bozorida yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani aniqlanib, ayrim pavilion va umumiy ovqatlanish maskanlari faoliyati vaqtincha cheklab qo‘yildi.
Namangan viloyati Sardoba savdo majmuasi bozorida xavfsizlik talablari buzilgani sababli faoliyatga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi «Askiya» bozori vaqtincha faoliyatini to‘xtatilgani haqida yozgandi.