Nufuzli xorijiy OTMlarda ilmiy daraja olgan mutaxassislarga ipoteka krediti ajratiladi

Xorijning nufuzli OTMlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy xarid qilish uchun imtiyozli ipoteka krediti ajratish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kredit O‘zbekiston hududida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joy sotib olish uchun ajratiladi. Kredit miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2150 baravarigacha etib belgilangan bo‘lib, 10-yil muddatga har oyda qaytarish sharti bilan beriladi. Kredit tijorat banklari tomonidan yiliga 14 foiz stavkada taqdim etiladi. Kredit miqdori sotib olinayotgan uy qiymatining 80 foizidan oshmasligi kerak.
Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun kredit oluvchi bir qator talablarga javob berishi lozim. Xususan, u O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi, ariza topshirilgan vaqtda 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi, shuningdek, xalqaro reytinglarda yuqori 100 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy OTMda ilmiy daraja olgan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, xorijda olingan ilmiy daraja diplomi belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilingan bo‘lishi zarur.
Kredit olish jarayoni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi. Arizaga kredit oluvchi tomonidan ariza va uy-joy qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma ilova qilinadi. Tijorat banki uch ish kuni ichida murojaatchining to‘lov qobiliyatini o‘rganib chiqib, kredit miqdori bo‘yicha xulosa tayyorlaydi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «El-yurt umidi» jamg‘armasi xorijning nufuzli OTMlarida o‘qish uchun 2026-yilgi stipendiya tanlovini e’lon qilgan edi.