61 million so‘mgacha mukofot puli: Intellektual faoliyat bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi

eʼlon qilindi
Tanlovlar ikki bosqichda tashkil etiladi
Intellektual faoliyat bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Intellektual faoliyat sohasida beshta yo‘nalish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Hukumat qaroriga muvofiq «Intellektual faoliyat bo‘yicha tanlovlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish, ishtirokchilarni baholash hamda g‘oliblarni taqdirlash tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, tanlovlar beshta yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkaziladi. «Eng yaxshi ixtiro», «Eng yaxshi foydali model», «Eng yaxshi sanoat namunasi», «Eng yaxshi elektron hisoblash mashinasi uchun yaratilgan dastur va ma’lumotlar bazasi» hamda «Eng yaxshi seleksiya yutug‘i» shular jumlasidandir.

Tanlovlar ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida o‘tkazilsa, ikkinchi bosqich respublika miqyosida amalga oshiriladi. Tashkilotchi har yili 1-mayga qadar tanlov shartlari va baholash mezonlarini tasdiqlab, ularni o‘z rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qiladi.

Respublika bosqichi g‘oliblari va sovrindorlari bazaviy hisoblash miqdori (BHM) asosida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Unga ko‘ra, 1-o‘rin uchun 150 baravar, 2-o‘rin uchun 125 baravar, 3-o‘rin uchun 100 baravar miqdorida mukofot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yoshlar o‘rtasida kasbiy mahoratni rivojlantirishga qaratilgan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» milliy tanlovini o‘tkazish tartibi belgilangan edi.

Shuningdek