O‘zbekiston harbiy aviatsiyasi Global Firepower reytingida 55-o‘rinda

2026-yil aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Global Firepower portalida eng yirik harbiy-havo kuchlari reytingida 145 davlat orasida 55-o‘rinni egalladi.
Respublika qurolli kuchlari ixtiyorida jami 159 ta samolyot mavjud. Harbiy aviatsiya parkining asosiy qismini vertolyotlar (101 ta) va qiruvchi samolyotlar (26 ta) tashkil etadi. Shuningdek, hujumchi samolyotlar soni 13 ta, transport va o‘quv samolyotlari esa mos ravishda 12 va 7 tani tashkil qiladi.
World Air Forces 2025 hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasi tarkibida MiG-29, Su-25 va Su-27 kabi jangovar samolyotlar mavjud. Transport aviatsiyasi Il-76 va C295 samolyotlari bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, harbiy kuchlar tarkibida Mi-24, Mi-8, H215M/AS532 kabi vertolyotlar ham xizmat qilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026-yilda eng ko‘p samolyot AQSh harbiy-havo kuchlari ixtiyorida bo‘lib, ularning soni 13 mingdan ortiq. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Rossiya (4,2 ming) va Xitoy (3,5 ming) egallagan.
Eng kichik aviatsiya parki esa Lyuksemburg va Syerra-Leonega tegishli bo‘lib, har birida bittadan samolyot mavjud. Kosovo va Liberiyada esa umuman harbiy aviatsiya texnikasi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston baxt reytingida 53-o‘rinni saqlab qolgan edi.



