Buxoro viloyatida 14 gektarlik yangi ma’muriy markaz qurilmoqda

Buxoro viloyatida davlat idoralari bir hududga jamlanadigan yangi ma’muriy markaz qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida viloyatning yangi ma’muriy markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Mazkur majmua Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida sinovdan o‘tgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. Ushbu tajriba asosida 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholiga qulaylik yaratilgani qayd etildi.

Buxorodagi yangi ma’muriy markaz 14 gektar maydonni egallaydi. Birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmalari bir hududda joylashtirilgan. Bu esa davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Majmua tarkibida faqat ma’muriy binolar emas, balki fuqarolar uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar ham barpo etilmoqda. Prezident viloyat hokimligining yangi binosidagi qurilish ishlari bilan ham tanishdi va davlat idoralarini yagona markazlarga birlashtirish orqali aholiga yanada qulay sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

Tashrif davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham taqdim etildi. Banklar tomonidan sun’iy intellekt asosida o‘tkazilgan tahlillar natijasida Buxoro tumani misolida o‘sish nuqtalari aniqlangani ma’lum qilindi. Ushbu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, infratuzilma va bozor talabini kompleks baholash imkonini bergan.
Natijalarga ko‘ra, hududda agrobiznes, turizm, sanoat va yo‘l bo‘yi xizmatlari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Shuningdek, 15 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 500 gektar uzumzorlar barpo etish, enoturizmni rivojlantirish hamda neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. 2026 – 2031-yillarda ushbu yo‘nalishlarda 7,4 trln so‘mlik loyihalarni hayotga tatbiq etish va 15 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjudligi aytildi.

Bundan tashqari, tumandagi 36 ta mahallani uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, turizm va servis kabi 6 ta drayver yo‘nalishga ixtisoslashtirish rejalashtirilgan. Loyihalarni jadallashtirish maqsadida sun’iy intellekt asosida biznes-rejalarni ishlab chiqish va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish tizimlari joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istondagi 1 mln gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratilishi haqida yozgan edik.