Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi, muxlisiga Onix sovg‘a qilgan «Neftchi» — 10-aprelning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 10-aprel kuni respublikada yuz bergan yangiliklarning eng muhimlarini bir joyga jamladi.
O‘zbekiston bokschilari Osiyo chempionatida ikkita kumush oldi
Ulan-Batorda o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi yana medallarni qo‘lga kiritdi. Aziza Zokirova va Ruxshona Parpiyeva finalda mag‘lub bo‘lib, kumush medal sohibiga aylandi.
Avval ringga -75 kg vazn toifasida Aziza Zokirova chiqdi. U xitoylik Bao Tszi bilan jang qildi. Bahsning dastlabki raundlarida o‘zbekistonlik bokschi faol harakat qilib, jang nazoratini qo‘lga oldi. Biroq keyingi raundlarda raqib tempni oshirdi va tashabbusni o‘z tomoniga o‘tkazdi. Hal qiluvchi pallada ustunlikni saqlab qolgan Bao Tszi 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada Zokirova kumush medal bilan kifoyalandi.
Eng ko‘p kreditni 7 – 10 mln so‘m daromadlilar olmoqda — Markaziy bank
Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan iste’mol kayfiyati sharhiga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ko‘p kreditni 7 – 10 mln so‘m daromadlilar olmoqda. Daromadi 20 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlar orasida esa kreditga ehtiyoj biroz kamaygan.
So‘rovda qatnashganlar kredit mablag‘larini asosan uy-joy ta’miri, ta’lim xarajatlari va avtomobil xaridiga yo‘naltirishni rejalashtirayotganini bildirgan. Bu esa kreditlarning kundalik ehtiyoj va yirik xaridlar bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonlik hakamlar Jahon chempionatida faoliyat yuritadi
11-iyundan 19-iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika davlatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik hakamlar guruhi faoliyat olib boradi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) xabar bermoqda.
Ushbu yirik xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik mutaxassis Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida o‘yinlarni boshqaradi. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordamchi hakam sifatida ko‘maklashishi belgilangan.
Turkiyada mashhur aktyor Burak Deniz qo‘lga olindi
Turkiyaning Istanbul shahrida mashhur shaxslarga nisbatan olib borilayotgan giyohvandlik bo‘yicha tergov doirasida aktyor Burak Deniz qo‘lga olindi. Beykoz prokuraturasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan operatsiya davomida 14 kishi fosh etilgan.
Ta’kidlanishicha, qo‘lga olinganlar orasida rep ijrochisi Norm Ender nomi bilan tanilgan Ender Ero‘g‘lu va boshqa mashhurlar ham ushbu ish bo‘yicha tergovga jalb qilingan.
Tergov doirasida Hafsanur Sancaktutan, Emir Jan Igrek, Somer Sivrio‘g‘lu, Serra Pirinch, O‘g‘un Alibosh, Utku Unsal, Sinem Ozench Unsal, Elif Bushra Pekin, Ahsen Ero‘g‘lu, Emre Ozturk hamda Enes Guler kabi shaxslar ham qo‘lga olingani bildirildi.
«Neftchi» sodiq muxlisini Onix avtomobili bilan taqdirladi — video
Farg‘onada «Neftchi» klubining sodiq muxlisi Qahramon Ne’matov Onix avtomobili bilan rag‘batlantirildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Qahramon Ne’matov Yozyovondagi eng fidoyi muxlislardan biri hisoblanadi. U o‘tgan turda «Neftchi»ning Navoiyda «Qizilqum»ga qarshi o‘yinini tomosha qilish uchun Farg‘onadan Navoiygacha qariyb 800 kilometr yo‘l bosib borgan. Uzoq va mashaqqatli safarga qaramay, muxlis jamoani qo‘llab-quvvatlab, g‘alabani birga nishonlab ortga qaytgan.
Toshkentdagi «Askiya» bozori vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi
Poytaxtning «Askiya» dehqon bozori faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bunga bozorda yong‘in xavfsizligi talablari jiddiy darajada buzilgani sabab bo‘lgan, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi bir qator savdo obyektlarida yong‘in nazorati tekshiruvlari o‘tkazilgan. Natijada bir nechta bozorlarda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmayotgani aniqlangan.
O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalarni past foizda joylashtirdi: bu nimani anglatadi
O‘zbekiston jahon moliya bozorlarida o‘zining suveren xalqaro obligatsiyalarini 12,25 foiz stavkada joylashtirdi. Bu haqda Markaziy bank rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Shu yil 31-mart kuni ichki bozorda o‘tkazilgan auksionda 3 yillik davlat obligatsiyalari 12,39 foiz stavkada joylashtirilgan edi. Shunga qaramay, tashqi bozorda undan ham past foizda mablag‘ jalb qilinayotgani xalqaro investorlarning inflyatsiya va iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha ijobiy kutilmalarini aks ettiradi.
Mirziyoyev Buxoroga jo‘nab ketdi: Toqayev bilan oliy darajadagi muzokaralar kutilmoqda
Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrif uchun jo‘nab ketdi. Safar doirasida davlat rahbari hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar bilan tanishadi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
11-aprel kuni esa Qosim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Oliy darajadagi uchrashuvlar aynan Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda 23 ta dorixona litsenziyasidan mahrum qilindi
Ularning litsenziyalari bekor qilindi. Bu haqda Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida litsenziya talablarini qo‘pol ravishda buzgan 23 ta dorixonaning faoliyat yuritish huquqi bekor qilingan.