Qozog‘istonda “data markazlar vodiysi” quriladi: Google va Microsoft bilan muzokara olib borilmoqda

eʼlon qilindi
Mazkur loyiha sun’iy intellekt va innovatsiyalarni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan
Qozog‘iston «data markazlar vodiysi» qurmoqda: Google va Microsoft bilan muzokara olib borilmoqda
Foto: Shutterstock

Qozog‘iston Ekibastuz shahrida «data markazlar vodiysi» barpo etishni rejalashtirmoqda. Loyiha doirasida mamlakat hukumati Microsoft, Google va Amazon kabi texnologik gigantlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Mazkur loyiha sun’iy intellekt va innovatsiyalarni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan. Hudud tanlanishi bejiz emas. Ekibastuz Qozog‘istonning asosiy energetika markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda yirik issiqlik elektr stansiyalari joylashgan bo‘lib, elektr energiyasi ortiqcha ishlab chiqariladi. Prognozlarga ko‘ra, 2027–2028-yillarga borib mamlakatda 1 gigavattdan ortiq ortiqcha elektr quvvati paydo bo‘ladi.

Elektr energiyasi narxi ham nisbatan arzon. 1 kVt/soat uchun boshlang‘ich tarif 2,5 sent atrofida bo‘lib, bu ko‘plab Yevropa davlatlariga qaraganda past. Loyiha uchun hozircha 170 gektar yer ajratilgan. Kelgusida yana 1300 gektar maydon kengaytirish uchun zaxiraga olingan. Bu hudud minglab futbol maydonlariga teng.

Birinchi bosqichda 300 megavatt quvvatga ega data markazlar ishga tushiriladi. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 1 gigavattgacha oshiriladi. «Qazaqtelecom» kompaniyasi allaqachon 50 megavattlik ilk obyekt qurilishini boshlagan. Uni 2027-yil birinchi choragi oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Rasmiylar avvalgi kriptomayning tajribasidan xulosa chiqarganini ta’kidlamoqda. O‘sha davrda tartibga solish yo‘qligi elektr tanqisligiga olib kelgan edi. Endilikda barcha jarayonlar yagona operator tomonidan nazorat qilinadi.

Qozog‘iston ushbu loyiha orqali nafaqat investitsiya jalb qilishni, balki global ma’lumotlar oqimi markaziga aylanishni maqsad qilgan. Mamlakat Xitoy va Yevropa o‘rtasida joylashgani sabab, logistika bilan birga data uzatish bo‘yicha ham muhim markazga aylanishni ko‘zlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Google Chrome brauzerida vertikal tablar joriy qilinayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek