Mirziyoyev va Toqayev Buxoroda ishlab chiqarish va tarixiy obidalar bilan tanishdi

eʼlon qilindi
Davlat rahbarlari Buxoro shahridagi «Nigora» kompaniyasiga tashrif buyurdi. Bu yerda tayyor mahsulot ishlab chiqarishning to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilgan
Mirziyoyev va Toqayev Buxoroda ishlab chiqarish va tarixiy obidalar bilan tanishdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev Buxoroda ishlab chiqarish va tarixiy obidalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbarlari Buxoro shahridagi «Nigora» kompaniyasiga tashrif buyurdi. Bu yerda tayyor mahsulot ishlab chiqarishning to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha qiymati $35 mln bo‘lib, u 2024-yilning avgustida ishga tushirilgan. Korxonada 840 nafar xodim ishlaydi. Ularning aksariyati ayollardan iborat.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Korxonada Yaponiya, Italiya, Belgiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Bu uskunalar yiliga 20 mln pogon metr mato va 1 mln dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Mahsulotlar «Shoyigul» brendi ostida Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda.

Prezidentlarga ishlab chiqarilayotgan mato va kiyim-kechak namunalari ko‘rsatildi. Kompaniya eksport hajmini $10 mln ga yetkazishni rejalamoqda. Kelgusida sintetik tolalar asosida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shundan so‘ng yetakchilar Buxoroning tarixiy obidalari bilan tanishdi. Ular Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualarini ziyorat qildi. Ark qal’asi qadimda Buxoroning siyosiy markazi bo‘lgan. U bugungi kunda UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy markazning muhim qismi hisoblanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Poi Kalon majmuasida joylashgan Kalon minorasi 1127-yilda qurilgan. U asrlar davomida shaharning ramziga aylangan. Majmua tarkibiga Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Labi Hovuz ansambli esa o‘zining noyob muhitini saqlab qolgan tarixiy maskan hisoblanadi. Bu yerda Ko‘kaldosh va Nodir Devonbegi madrasalari joylashgan.

Tashrif davomida mehmonlarga Buxoroning Buyuk Ipak yo‘lidagi o‘rni haqida ham ma’lumot berildi. Shahar uzoq yillar davomida ilm-fan va savdo markazi bo‘lib xizmat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mirziyoyev va Toqayev Buxorodagi SI xakatonida ishtirok etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek