La Liga: «Barselona» peshqadamligini mustahkamladi, «Atletiko» autsayderga yengildi

12-aprel 2026 10:33 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: Barcelona.com

11-aprel kuni Ispaniya chempionatining 31-turi doirasida «Barselona» o‘z maydonida «Espanyol»ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Xuddi shu kuni «Sevilya» o‘z uyida Chempionlar ligasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan «Atletiko Madrid» ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi.

«Barselona» – «Espanyol» 4:1

Foto: Barcelona.com

«Spotify Kamp Nou» stadionida kechgan Kataloniya derbisida mezbonlar yirik hisobda g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 9 va 25-daqiqalarida Ferran Torres Lamine Yamalning uzatmalaridan so‘ng dubl qayd etdi. Mehmonlar safida Pol Lozano 56-daqiqada oradagi farqni qisqartirgan bo‘lsa-da, o‘yin so‘nggida Yamal (87’) hamda zaxiradan maydonga tushgan Markus Rashford (89’) hisobni yiriklashtirdi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng Hansi Flik shogirdlari musobaqa jadvalida «Real Madrid»ni 9 ochkoga ortda qoldirmoqda. Shuningdek, 18 yoshu 272 kunlik Lamine Yamal klub tarixida 100 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchiga aylandi. Ketma-ket 14 ta o‘yinda g‘alaba qozona olmagan «Espanyol» musobaqa jadvalida 10-o‘rinda qolmoqda.

«Sevilya» – «Atletiko» 2:1

Foto: Super Sport

«Ramon Sanches Pisxuan» stadionida o‘tkazilgan o‘yinda esa «Sevilya» o‘zining muhim g‘alabasiga erishdi. Uchrashuvning 10-daqiqasida Akor Adams penaltidan unumli foydalanib hisobni ochdi. «Atletiko» vakili Xaver Bonar oradagi farqni yo‘qqa chiqargan bo‘lsa-da, birinchi bo‘lim so‘nggida (45’) Nemanya Gudel mezbonlarga g‘alaba keltiruvchi golni kiritdi.

«Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeone asosiy yulduzlari – Antuan Grizmann, Xulian Alvares kabi futbolchilarni zaxirada qoldirib, yoshlarga imkoniyat berdi. «Sevilya» ushbu g‘alaba evaziga turnir jadvalining xavfli tushib ketish hududidan chiqib oldi.

Endilikda jamoalar xalqaro maydonga e’tiborini qaratadi. Seshanba kuni Chempionlar ligasi chorak finalining javob o‘yini doirasida «Atletiko Madrid» o‘z uyida «Barselona»ni qabul qiladi. Dastlabki uchrashuv natijasiga ko‘ra, kataloniyaliklar keyingi bosqichga chiqish uchun kamida ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarishi talab etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lionel Messi faoliyatidagi 900-golini kiritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek