AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari kelishuvsiz yakunlandi

eʼlon qilindi
Pokistonda bo‘lib o‘tgan 21 soatlik muzokaralardan so‘ng delegatsiyalar o‘zaro murosa qila olmadi
Foto: The New York Times

12-aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobod shahrida AQSh va Eron o‘rtasida o‘tkazilgan tinchlik muzokaralari kelishuvsiz yakuniga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Eron tomoni Hurmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish, tovon puli to‘lanishi hamda Livanda o‘t ochishni to‘xtatish kabi shartlarni talab qilmoqda. AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens esa Eronning yadro quroli yaratmaslik bo‘yicha qat’iy majburiyat olishini asosiy maqsad qilib ko‘rsatdi.

«Yomon xabar shundaki, biz kelishuvga erisha olmadik. Menimcha, bu AQShdan ko‘ra Eron uchun ancha yomon xabar», — dedi Vens.

Eronning ommaviy axborot vositalari Vashington talablarini «haddan tashqari ortiqcha» deb baholagan bo‘lsa, mamlakat tashqi ishlar vazirligi vakili muzokaralar ishonchsizlik muhitida o‘tganini ta’kidladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar 28-fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan aviazarbalari ortidan boshlangan edi.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar ikki haftalik sulhni saqlab qolish muhimligini aytib o‘tdi. Ayni paytda Hurmuz bo‘g‘ozida qolib ketgan yuzlab neft tankerlari hududni xavfsiz tark etish uchun sulh muddatidan foydalanishni kutmoqda. Shu bilan birga, Isroil armiyasi Livandagi nishonlarga qarshi havo zarbalarini davom ettirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va Eron o‘rtasida sulh tuzilganidan so‘ng neft narxi keskin pasaygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek