O‘zbekistonlik futbolchi 27 yoshida vafot etdi, Farg‘onada zilzila sodir bo‘ldi — 12-aprel kungi yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 12-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: Telegram

Kursiv Uzbekistan 12-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi

Javohir Sindarov Fabiano Karuana bilan durang o‘ynadi

Foto: FIDE

Nomzodlar turnirining 11-turida o‘zbekistonlik Javohir Sindarov amerikalik Fabiano Karuana bilan muhim bahsda durang qayd etdi. Natijada u 8,5 ochko bilan musobaqadagi peshqadamligini saqlab qoldi. Partiya davomida Fabiano Karuana g‘alaba qozonish maqsadida to‘liq hujumkor o‘yin namoyish etdi. Bunga javoban Javohir Sindarov himoyada ishonchli harakat qilib, qarshi hujumlar orqali raqibini durangga rozi bo‘lishga majbur qildi.

SpaceX Starship va Super Heavy raketalarini uchirishdan oldingi sinovlarga olib chiqdi

Foto: x.com / SpaceX

12-aprelida SpaceX kompaniyasi yangi avlod Super Heavy tezlatkichi va Starship V3 kemasini parvoz oldidan sinovdan o‘tkazish uchun uchirish majmuasiga olib chiqdi. E’lon qilingan suratlarda tezlatkichdagi 33 ta Raptor 3 dvigateli tashqi issiqlikdan himoya ekranlarisiz ekanligini ko‘rish mumkin. Ular avvalgi versiyalarga nisbatan yengilroq hamda kuchliroq bo‘lib, raketaning yuqori bosqichi ham aynan yangi dvigatellar bilan jihozlangan.

AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari kelishuvsiz yakunlandi

Foto: The New York Times

12-aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobod shahrida AQSh va Eron o‘rtasida o‘tkazilgan tinchlik muzokaralari kelishuvsiz yakuniga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. Eron tomoni Hurmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish, tovon puli to‘lanishi hamda Livanda o‘t ochishni to‘xtatish kabi shartlarni talab qilmoqda. AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens esa Eronning yadro quroli yaratmaslik bo‘yicha qat’iy majburiyat olishini asosiy maqsad qilib ko‘rsatdi.

Bundesligada ilk bor erkaklar jamoasiga ayol kishi bosh murabbiy etib tayinlandi

Foto: Instagram / 1.fcunion

«Union Berlin» klubi erkaklar jamoasiga Mari Luiza Eta vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi. U qoniqarsiz natijalar sababli iste’foga chiqarilgan Shteffen Baumgartning o‘rnini egalladi. Shteffen Baumgart 2025-yil yanvaridan beri qayd etilgan 21 ta mag‘lubiyat, 16 ta g‘alaba va 14 ta durangdan so‘ng ishdan bo‘shatilgan. «Union Berlin» boshqaruvchi direktori Xorst Xeldtning so‘zlariga ko‘ra, jamoa qishki tanaffusdan keyingi 14 ta o‘yinda atigi 2 marta g‘alaba qozongan va klub rahbariyatida joriy tarkib bilan vaziyatni o‘nglashga ishonch qolmagan.

Farg‘ona viloyatida 3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

Foto: AK Preparedness

12-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:54 da Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 3 magnitudali zilzila qayd etildi. Bu haqda Seysmoprognostik Monitoring Respublika markazi xabar bermoqda. Zilzila o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, epitsentri poytaxt Toshkent shahridan 249 km janubiy-sharqda joylashgani xabar qilingan. Zilzila kuchi O‘zbekiston hududining bir qator tumanlarida sezilgan. Xususan, episentrdan 4 km masofada bo‘lgan Quva tumanida silkinish kuchi 2-3 ballni tashkil etgan.

O‘zbekistonlik futbolchi Xushnudbek Avilov 27 yoshida vafot etdi

Foto: Telegram

O‘zbekistonlik futbolchi Xushnudbek Avilov 27 yoshida olamdan o‘tdi. Uning so‘nggi klubi «Do‘stlik Toshkent» jamoasi hisoblanadi. Xushnudbek Avilov o‘zining professional faoliyati davomida O‘zbekiston chempionatining bir qator jamoalarida o‘ynagan. Xususan, u turli yillarda «Turon», «Navbahor», «Andijon», «Qo‘qon-1912» hamda «Paxtakor» klublari sharafini himoya qilgan.

Ilon Maskning XChat messenjeri iOS uchun 17-aprelda chiqadi

Foto: x.com / XChat

Ilon Maskka tegishli XChat messenjeri alohida ilova sifatida iOS qurilmalari uchun joriy yilning 17-aprel kuni taqdim etilishi kutilmoqda. XChat sahifasi AppStore do‘konida paydo bo‘lgan, biroq ilovani hozircha yuklab olish imkonsiz. Dasturchilar tomonidan rasmiy bayonot berilmagan, shuningdek, messenjerning Android qurilmalari uchun qachon chiqishi ham noma’lumligicha qolmoqda.

Shuningdek