Magistraturaga qabul tartibi o‘zgaradi: imtihon shaklini endi oliygohning o‘zi belgilaydi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari magistraturaga kirishda mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladigan imtihon shaklini mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Farmon bilan davlat oliy ta’lim muassasalariga yana bir qator qo‘shimcha vakolatlar ham berilmoqda. Jumladan, endilikda oliygoh rektori prorektorlarni mustaqil tayinlash huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, oliy ta’lim tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, malaka oshirish markazlari hamda akademik litseylar rahbarlarini lavozimga tayinlash va ozod etish vakolati ham oliygohlarning o‘ziga beriladi.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari kafedralar shtatini shakllantirish, professor-o‘qituvchilarning minimal o‘quv yuklamasini belgilash masalalarida ham mustaqil qaror qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tartiblar talabalarga ham qulayliklar yaratadi. Xususan, o‘qishini ko‘chirgan, qayta tiklangan yoki akademik mobillik dasturlari orqali boshqa oliygohda tahsil olib qaytgan talabalar uchun o‘zlashtirilgan kreditlarni tan olish tartibini ham endi oliygohlarning o‘zi belgilaydi.
Shuningdek, xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish, ularga grant ajratish, stipendiya belgilash hamda kontrakt to‘lovlari bo‘yicha chegirmalar berish masalalarida ham oliy ta’lim muassasalarining vakolatlari kengaytirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi bakalavr bosqichi kamida 3 yil bo‘lishi haqida yozgandi.