O‘zbekistonda 1-sinfga qabul 20-iyundan boshlanadi

eʼlon qilindi
Yangi o‘quv yilida onlayn qabul qilinadigan tumanlar soni 135 taga, maktablar esa 5 ming 689 taga yetkazildi
Foto: Xalq ta’limi Info

O‘zbekistonda 2026–2027-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlari 20-iyundan boshlanadi.

Yangi tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, 1-sinfga davlat xizmati orqali qabul qilinadigan tuman va shaharlar soni avvalgi 64 tadan 135 taga oshirilgan. Ushbu elektron tizim doirasida xizmat ko‘rsatuvchi maktablar soni esa 1 ming 956 tadan 5 ming 689 taga yetgan. Qabul jarayoni my.gov.uz yoki my.maktab.uz elektron tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Qabul qoidalari ikki bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab, 20-iyundan 31-iyulga qadar hujjatlar faqat o‘quvchi yashaydigan biriktirilgan mikrohudud doirasida qabul qilinadi. 1-avgustdan 31-avgustgacha bo‘lgan muddatda esa mikrohududdan tashqari hududlardan o‘quvchilarni qabul qilishga ruxsat etiladi. Amaldagi qonunchilikka asosan, 2026–2027-o‘quv yilida faqat 2019-yil 31-dekabrga qadar tug‘ilgan bolalar maktabga olinadi.

Davlat xizmati joriy etilmagan tumanlarda qabul jarayoni an’anaviy shaklda, maktab rahbarlari tomonidan o‘tkaziladi va o‘quvchilar vazirlikning elektron tizimiga kiritib boriladi. Shuningdek, hujjatda 1-sinfga qabul qilingan barcha bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘alari» 2026-yilning 20-avgustiga qadar joylarga to‘liq tarqatilishi belgilab qo‘yilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqanddagi maktabda ayol 1-sinf o‘quvchisiga qo‘l ko‘targani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek