Ishdagi ishq: o‘zbekistonliklarning yarmidan ko‘pi hamkasbiga oshiq bo‘lgan

HeadHunter (hh.uz) platformasi tomonidan 900 nafar ish beruvchi va ish izlovchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 54 foizi kamida bir marta hamkasbiga nisbatan iliq his-tuyg‘ularni boshdan kechirgan. Bu haqda platforma matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Ularning 34 foizi bu hislar o‘zaro bo‘lganini, 13 foizi yashirin qolganini, 7 foizi esa javobsiz muhabbat bo‘lganini bildirgan. Shu bilan birga, 46 foiz ishtirokchi bunday holatni boshdan kechirmaganini qayd etgan.
So‘rov natijalari ish joyidagi munosabatlar ba’zan jiddiy bosqichga o‘tishini ham ko‘rsatadi. Jumladan, respondentlarning 17 foizi hamkasbi bilan uchrashganini yoki uchrashayotganini, 12 foizi esa turmush qurganini bildirgan. 41 foizda bunday tajriba bo‘lmagan bo‘lsa, 19 foiz munosabatlar simpatiya darajasida qolganini ta’kidlagan. Yana 7 foiz respondent bunday munosabatlarni rivojlantirish istagini bildirgan.
Ishtirokchilarning xizmatdagi romantik aloqalarga munosabati turlicha. Ularning 42 foizi bunday munosabatlarni ish jarayoniga ta’sir qilmasa, normal deb hisoblaydi. 25 foizi esa bunga qat’iyan qarshi ekanini bildirgan. Yana 20 foiz respondent vaziyatga qarab baho berishini qayd etgan.
Bundan tashqari, 44 foiz ishtirokchi ish va shaxsiy munosabatlarni aniq ajratish orqali ularni uyg‘unlashtirish mumkinligini ta’kidlagan, 27 foiz bu hamkorlarning xarakteriga bog‘liq deb hisoblaydi, 19 foiz esa buni har doim murakkab jarayon sifatida baholagan.
Shuningdek, munosabatda bo‘lganlar orasida 15 foiz hanuz birga ekanini, 18 foiz esa ajralgan bo‘lsa-da, yaxshi munosabatni saqlab qolganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda turli yoshdagi jamoalar qanday ishlayotgani haqida ma’lumot to‘plangan edi.