1-avgustdan poytaxt va uning atrofidagi issiqxonalarga gaz yetkazib berish to‘xtatiladi

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda faoliyat yuritayotgan issiqxonalar uchun 1-avgustdan boshlab tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.
Shu bilan birga, 1-iyundan boshlab poytaxt va uning atrofidagi ayrim tumanlarda zararli yoqilg‘ilar bilan ishlaydigan yangi issiqxonalar tashkil etish ham taqiqlanadi.
Amaldagi issiqxonalarga nisbatan ham talablar keskin kuchaytiriladi. Xususan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari sezilarli oshiriladi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi yoqilg‘ilarni qo‘llagan xo‘jaliklar uchun esa kompensatsiya to‘lovlari bir necha barobar ko‘paytiriladi. Bundan tashqari, ularga ajratiladigan subsidiyalar va yangi kreditlar hajmi qisqartiriladi.
Shu bilan birga, issiqxonalarni Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish bo‘yicha rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ham joriy etilmoqda. Ko‘chishga qaror qilgan tadbirkorlarga kredit to‘lovlarini kechiktirish, imtiyozli davrni uzaytirish hamda ko‘chirish xarajatlarining bir qismini qoplab berish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sherobod tumanida Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilishi haqida yozgandi.