Baytqo‘rg‘on — Parkent yo‘nalishida elektrlashtirilgan temiryo‘l qurilishi yakuniga yetkazildi

eʼlon qilindi
Yangi yo‘nalish orqali kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchini tashish imkoniyati mavjud bo‘ladi
Baytqo‘rg‘on–Parkent yo‘nalishida elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi yakuniga yetkazildi
Foto: Transport vazirligi

Toshkent viloyatining Parkent tumanini poytaxt bilan bog‘lovchi yangi temiryo‘l liniyasi foydalanishga tayyor holga keltirildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Uzunligi 23,8 kilometr bo‘lgan ushbu bir izli yo‘l 2025-yil boshida qurila boshlangan bo‘lib, qisqa muddat ichida yirik infratuzilma loyihasi sifatida amalga oshirildi.

Loyiha «Boshtransloyiha» tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, faqat temir yo‘l tortish bilan cheklanib qolmadi. Qurilish jarayonida 4 ta ko‘prik, 2 ta avtomobil yo‘li ustidan o‘tuvchi yo‘l o‘tkazgich, tunnel, 7 ta temir yo‘l kesishmasi barpo etildi. Shuningdek, hududdagi 78 ta suv yetkazish inshooti rekonstruksiya qilinib, mavjud tizimlar zamonaviy talablar asosida yangilandi.

Mazkur temir yo‘l liniyasi elektrlashtirilgani bilan ajralib turadi. Bu esa qatnov tezligi va samaradorligini oshirib, ekologik jihatdan ham qulaylik yaratadi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, yangi yo‘nalish orqali kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchini tashish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan poyezd kechiksa fuqaroga qancha kompensatsiya to‘lanishi haqida yozgandi.

Shuningdek