Yo‘l-transport hodisalarining 31 foizi o‘lim bilan yakunlangan — IIV

eʼlon qilindi
Asosiy sabablar sifatida tezlikni oshirish, piyodalarga yo‘l bermaslik va svetofor talablariga amal qilmaslik keltirilmoqda
Yo‘l-transport hodisalarining 31 foizi o‘lim bilan yakunlangan — IIV
Foto: Pexels

Ichki ishlar vazirligi (IIV)ning ma’lum qilishicha, 2026-yilning dastlabki uch oyida 1,1 mingta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ularning 31,4 foizi o‘lim bilan yakunlangan.

Vazirlikka ko‘ra, asosiy sabablar sifatida tezlikni oshirish, piyodalarga yo‘l bermaslik va svetofor talablariga amal qilmaslik keltirilmoqda.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon mamlakatda 6,2 mingta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 596 taga kamaygan. Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 9,5 mingta jinoyat aniqlanib, natijalar 37 foizga yaxshilangani qayd etildi.

Foto: IIV

Giyohvandlikka qarshi kurashish doirasida 4,1 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 872 kg narkotik moddalar, jumladan, 33 kg sintetik vositalar hamda 296 mingdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilingan. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda 670 ta jinoyat aniqlanib, 80 ta jinoiy guruh va 211 nafar shaxs qo‘lga olingan.

Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha 1,07 mingta holat aniqlangan. Ular oqibatida yetkazilgan 199 mlrd 565 mln so‘m zarar undirilishi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan 18 mingdan ortiq jinoyatlar qayd etilgan bo‘lib, ularning 97 foizi fuqarolarning pullarini elektron to‘lov tizimlari orqali qo‘lga kiritish bilan bog‘liq.

Tezkor tadbirlar natijasida tergov va suddan yashiringan 2,2 ming nafar shaxs ushlangan, 171 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilib, oila bag‘riga qaytarilgan. Umuman, 7,3 mingta mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lib, bu barcha hududlarning qariyb 81 foizini tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jizzax viloyatida yuk mashinasi chuqurlikka ag‘darilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek