
Gonkong xalqaro aeroportida 8 metr uzunlikdagi ulkan to‘q sariq mushuk paydo bo‘ldi. A Moment to Purr (Miyovlash lahzasi) deb nomlangan ushbu art-obyekt 1-terminalning kelish zonasida joylashtirilgan, deya xabar berdi Lifehaker nashri.
Mazkur loyiha sayohatchilarni uzoq parvozdan so‘ng charchoq va stressdan chalg‘itish maqsadida yaratilgan bo‘lib, 2-maygacha aeroportda qoladi.




Gigant mushuk oddiy haykal emas: uning quloqlari, panjalari va dum qismi harakatlanadi. Bundan tashqari, ichki ovoz tizimi orqali yumshoq miyovlash tovushlari eshitilib turadi, bu esa unga jonli ko‘rinish beradi.
Installyatsiya yonida o‘rnatilgan maxsus ekran orqali yo‘lovchilar mushukni virtual tarzda silash yoki ovqatlantirish imkoniga ega. Foydalanuvchilarning harakatiga qarab, ulkan mushuk ham turli reaksiyalar bilan javob qaytaradi. Ba’zi tashrif buyuruvchilarga esa u bilan suratga tushib, darhol chop etilgan fotosurat olish imkoniyati ham taqdim etilgan.
Loyiha ortida Gonkongning mushuklar iqtisodiyoti konsepsiyasini rivojlantirish g‘oyasi turibdi. Shahar rasmiylari mushuk obrazidan turizmni rivojlantirish va madaniy muhitni jonlantirish maqsadida foydalanmoqda. Shu sababli bu yil Pasxa mavsumida an’anaviy quyon o‘rniga aynan mushuklar asosiy ramz sifatida tanlangan.
Ushbu tashabbus faqat aeroport bilan cheklanmay, Gonkongning boshqa hududlarida ham mushuk tasviridagi installyatsiyalar va katta art-obyektlar o‘rnatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mushuklar egasiga qanchalik bog‘langanligi haqida yozgandi.