AQSh va Eron muzokaralarni qayta boshlashi mumkin

AQSh va Eron delegatsiyalari yaqin kunlarda muzokaralarni qayta boshlashi mumkin. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar haftaning oxirida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Aniq sana hali belgilanmagan, biroq delegatsiyalar shu kunlarni bo‘sh qoldirgan.
Manbalarga ko‘ra, ikki davlat vakillariga yana Islomobodga borib, muzokaralarni davom ettirish taklifi berilgan. Avvalgi uchrashuv 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan, biroq unda kelishuvga erishilmagan. Pokiston rasmiylari muzokaralar sanasi bo‘yicha tomonlar bilan aloqada ekanini bildirgan.
Shuningdek, Pokiston Eron bilan bog‘lanib, ikkinchi bosqich muzokaralariga tayyorlik bo‘yicha ijobiy signal olgan. Hozircha muzokaralarning aniq kuni va kun tartibi rasman e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Eron portlarini qamal qilishni boshlagani haqida yozgan edi.