Qozog‘iston uchun muhim arxiv materiallarini taqdim etganingiz uchun minnatdorman — Toqayev Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

eʼlon qilindi
Buxoro shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiyat uchun minnatdorlik bildirdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘llagan maktubida Buxoro shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiyat uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qozog‘iston rahbari Buxoroning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, O‘zbekistonda tarixiy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy rivojlanish bilan uyg‘unlashtirish siyosatini yuqori baholagan. Uning qayd etishicha, shaharning bugungi qiyofasi Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlar natijasini yaqqol namoyon etadi.

Maktubda Buxoroda o‘tgan uchrashuvlar samarali bo‘lgani, hatto bir kunlik muzokaralar uzoq muddatli siyosiy natijalar jihatidan rasmiy tashrifdan kam emasligi alohida urg‘u berilgan. Tomonlar o‘rtasidagi muloqot ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Shuningdek, Toqayev Ostonaga qaytgach, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berganini ma’lum qilgan. U, ayniqsa, «Toza havo» qo‘shma tashabbusiga alohida e’tibor qaratishini bildirgan.

Qozog‘iston prezidenti O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan tarixiy arxiv materiallari uchun ham minnatdorlik bildirib, bu ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatning yana bir ifodasi ekanini ta’kidlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev va Toqayev Buxoroda ishlab chiqarish va tarixiy obidalar bilan tanishgani haqida yozgandi.

Shuningdek