Cobalt va Damas «gaz»ga bosmoqda: 3 oyda 91 mingdan ziyod avtomobil sotildi

2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda avtomobil bozorida jami 91 ming donadan ziyod avtomobil sotilgan. Bu haqda «O‘zavtosanoat» xabar berdi.
Bozorda eng katta ulushni UzAuto Motors egalladi. Kompaniya 3 oyda 46 ming dona avtomobil realizatsiya qilib, umumiy sotuvlarning yarmidan ko‘prog‘ini (50,4%) ta’minladi. Ikkinchi o‘rinda 26,3 ming dona bilan Khorezm Auto, uchinchi pog‘onada esa 10,9 ming dona bilan ADM Jizzakh joy oldi. Shuningdek, BYD Uzbekistan Factory 7,8 ming dona avtomobil sotgan.

Bozor yetakchisi — Cobalt
Model kesimida esa mutlaq yetakchilik Chevrolet Cobalt hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu model 3 oyda 24 ming dona sotilib, bozorda eng talabgir avtomobil bo‘ldi.
Keyingi o‘rinlarda:
- Chevrolet Damas — 18,8 ming dona;
- Chevrolet Tracker — 11,1 ming dona;
- Chevrolet Onix — 10,4 ming dona;
- Chevrolet Labo — 7,5 ming dona.
Shuningdek, Chevrolet modellaridan keyingi talab yuqori bo‘lgan avtomobillardan biri — Sonet (5,6 ming dona) bo‘ldi.

Brendlar kesimida ustunlik
Brendlar orasida ham yetakchilik Chevrolet qo‘lida — 72,2 ming dona avtomobil sotilgan. Undan keyingi o‘rinlarni:
- BYD — 7,8 ming dona;
- Kia — 6,7 ming dona;
- Haval — 2,2 ming dona
- Chery — 2 021 dona egallagan.
Ma’lumot uchun, 2026-yil yanvar – fevral oylarida O‘zbekistonda jami 57,5 ming dona avtomobil sotilgani, eng ko‘p sotilgan modellar orasida Cobalt va Damas yetakchilik qilgani haqida yozgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Onix avtomobilining tarixiy yo‘li haqida xabar bergandi.