OpenAI personal moliya startapi Hiro Finance’ni sotib oldi

OpenAI personal moliya yo‘nalishida faoliyat yuritgan Hiro Finance startapini sotib oldi. Bu haqda startap asoschisi Ethan Blochga tayanib, TechCrunch nashri xabar berdi.
Hiro kompaniyasi o‘z faoliyatini 20-aprel kuni to‘xtatishi, 13-may kuni esa serverlardagi barcha ma’lumotlarni o‘chirib tashlashi rejalashtirilgani bildirildi. Bitim asosan jamoani jalb qilishga qaratilgan «acquihire» sifatida baholanmoqda.
Startap asoschisi Ethan Bloch Hiro xodimlari bilan birga OpenAI tarkibiga qo‘shiladi. Xodimlar soni aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, LinkedIn ma’lumotlarida kompaniyada taxminan 10 nafar mutaxassis faoliyat yuritgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Hiro 2024-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt oldin sun’iy intellekt asosidagi moliyaviy rejalashtirish vositasini ishga tushirgan. Ushbu ilova foydalanuvchilarga daromad, qarz va xarajatlarni kiritish orqali turli moliyaviy ssenariylarni tahlil qilish imkonini bergan.
Mutaxassislar bu bitimni OpenAI tomonidan moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan strategik qadam sifatida baholamoqda. Kompaniya ilgari ham shunga o‘xshash moliyaviy yo‘nalishdagi yechimlarga qiziqish bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI kompaniyasi ChatGPT xizmatlari uchun oyiga $100 lik yangi tarif rejasini joriy qilgani haqida yozgan edik.