Shikastlangan davlat raqamlarini onlayn almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi

eʼlon qilindi
My.gov.uz portali orqali
Shikastlangan davlat raqamlarini onlayn almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Endilikda yaroqsiz holga kelgan yoki shikastlangan davlat raqami belgilarini almashtirish uchun navbatlarda turish talab etilmaydi. Ushbu xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn tarzda taqdim etilmoqda.

Xizmatdan foydalanish uchun foydalanuvchi my.gov.uz portaliga kirib, «Shikast yetgan avtotransport vositasining davlat raqami belgisini tiklash» xizmatini tanlashi, arizani to‘ldirishi hamda shikastlangan raqamning fotosuratini ilova qilishi lozim.

Ariza vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqilgach, foydalanuvchiga to‘lov uchun invoys yuboriladi. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, fuqaro hududiy bo‘linmaga borib, eski davlat raqamini topshirgan holda yangisini qabul qilib oladi.

To‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdoriga (BHM) asoslanadi. Unga ko‘ra, 1 juft (oldi va orqa) davlat raqami uchun 1 854 000 so‘m (4,5 barobar miqdordagi BHM), 1 dona raqam uchun esa 927 000 so‘m (2,25 barobar miqdordagi BHM) etib belgilangan.

Ariza yuborishda davlat raqamining holati aniq aks etgan fotosurat taqdim etilishi jarayonni tezlashtirishi va ortiqcha kechikishlarning oldini olishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq pensiyani onlayn tarzda naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushgan edi.

Shuningdek