Qirg‘izistonda ruscha qishloq nomlarini o‘zgartirish masalasi muhokama qilinmoqda

eʼlon qilindi
Mahalliy OAVga ko‘ra, prezident 2027-yilgacha ruscha nomlangan qishloqlarni o‘zgartirish rejalashtirilayotganini aytgan
Qirg‘izistonda ruscha qishloq nomlarini o‘zgartirish masalasi muhokama qilinmoqda
Foto: Shutterstock

Qirg‘izistonda rus tilidagi qishloq nomlarini o‘zgartirish masalasi jamoatchilikda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mamlakat prezidenti Sadir Japarov Alay tumanida aholi bilan uchrashuvda bu borada bayonot bergan edi.

Mahalliy OAVga ko‘ra, prezident 2027-yilgacha ruscha nomlangan qishloqlarni o‘zgartirish rejalashtirilayotganini aytgan. Unga ko‘ra, yangi nomlarda shaxslar nomidan foydalanilmaydi, bu ichki tortishuvlarning oldini olish uchun qilinadi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay vaziyat o‘zgardi. Ushbu xabarni e’lon qilgan 24.kg nashri materialni o‘chirib tashladi. Prezident rasmiy saytida ham qishloq nomlarini o‘zgartirish haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Prezident matbuot kotibi Askat Alagozov bu xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, bu masala kun tartibida yo‘q. Japarov faqat tarixiy shaxslar nomini joylarga berishga qo‘yilgan moratoriy haqida gapirgan.

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati ham OAV prezident so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilganini bildirdi. Mazkur holat Rossiyada ham e’tiborsiz qolmadi. Davlat Dumasi qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Konstantin Zatulin bunday tashabbuslarni Qirg‘izistonning o‘zini namoyon qilish istagi bilan bog‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qamchibek Tashiyevning ukasi Qirg‘izistonga 46 mln dollar qaytarishi haqida yozgan edi.

Shuningdek