Qirg‘izistonda Starlink’ni joriy etish bo‘yicha yakuniy muhokama o‘tkazildi

eʼlon qilindi
Pilot loyiha boshlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayoni yakunlangan
Qirg‘izistonda Starlink’ni joriy etish bo‘yicha yakuniy muhokama o‘tkazildi
Qirg‘izistonda Starlink’ni joriy etish bo‘yicha yakuniy muhokama o‘tkazildi / Foto: Qizg‘iziston Respublikasi rasmiy sayti

AQShning Vashington shahrida Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi, Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliev va SpaceX tarkibidagi Starlink yo‘nalishi bo‘yicha katta direktor Ryan Goodnight o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hukumatning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Tomonlar Qirg‘izistonda sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha olib borilgan tizimli ishlarning yakuniy bosqichlarini muhokama qildilar. Shuningdek, pilot loyiha boshlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayoni yakunlangani ta’kidlandi.

Adilbek Kasimaliev ilgari qo‘yilgan strategik vazifa – mamlakatda sinov tariqasida Starlink xizmatini ishga tushirish bosqichma-bosqich amalga oshirilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida davlat organlari tomonidan zarur huquqiy va tartibga solish bazasi shakllantirilgan.

SpaceX vakillari esa o‘z navbatida barcha texnik va tashkiliy talablar bajarilganini hamda vakolatli davlat organlari bilan tegishli kelishuvlar imzolanganini ma’lum qildi.

Uchrashuv davomida eng muhim masalalardan biri – yaqin orada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan texnik ishga tushirish jarayoni bo‘ldi.

Ikkala tomon ham ushbu loyiha ijtimoiy sohada katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Xususan, uzoq va borish qiyin hududlarda yashovchi aholiga yuqori tezlikdagi internetni yetkazish, shuningdek, maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlarni raqamli tarmoqqa ulash imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Shuningdek, pilot loyiha ochiqlik va teng sharoitlar tamoyillari asosida amalga oshirilishi qayd etildi. Unda sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini taklif qiluvchi barcha kompaniyalar belgilangan texnik va huquqiy talablarni bajargan taqdirda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘iston qo‘shni davlatlarga Starlink internetidan foydalanish imkonini taqdim etishi haqida yozgandi.

Shuningdek