O‘zbekistonga import yuk tashish bo‘yicha talab 72 foizga oshdi

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan avtomobilda yuk tashish talabi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 72 foizga ko‘paydi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga ATI.SU xalqaro logistika platformasi ma’lum qildi.
O‘zbekistonga boshqa davlatlardan yuk tashish bo‘yicha arizalar soni oldingi chorakka nisbatan ham 57 foizga ko‘paygan. Import o‘sishining asosiy qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelib, yillik 80 foizlik ijobiy dinamika qayd etildi. Shuningdek, Belarusdan yuk yetkazib berishga arizalar ikki barobar oshgan bo‘lsa, Qozog‘iston yo‘nalishida biroz pasayish kuzatilgan.

Eksport yo‘nalishida yillik 10 foizlik o‘sishga qaramay, oldingi chorakka nisbatan 36 foizlik qisqarish yuz bergan. Eksport arizalarida asosiy o‘rinni yana Rossiya, Belarus va Qozog‘iston egallab turibdi.
«Mamlakatda avtomobil yuk tashishlariga talab deyarli barcha yo‘nalishlarda o‘smoqda. Biz faqat eksportda, asosan o‘tgan yili shakllangan Rossiya yo‘nalishida sekinlashuvni ko‘ryapmiz. Talabni Rossiya — Qozog‘iston chegarasidagi tirbandliklar va bojxona nazoratining kuchaytirilishi ushlab turibdi», – dedi ATI.SU xalqaro logistika platformasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Farid Vaxidov.
Ichki yo‘nalishlarda arizalar soni raqamli vositalarning ommalashishi va real talab oshishi hisobiga yillik kesimda uch barobarga ko‘paygan. Tahlillarga ko‘ra, umumiy hisobda oxirgi bir yilda avtomobil yuk tashish bo‘yicha o‘rtacha narxlar deyarli o‘zgarmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon yetkazib berish xizmatlariga 3,5 foiz qo‘shimcha to‘lov joriy qilgani haqida xabar bergan edi.