Yana bir o‘zbekistonlik futbolchi APLda, Sindorov va Assubayeva munosabatlariga izoh berildi — 15-apreldagi yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 15-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Bibisora Assubayeva
Foto: Bibisora Assubayevaning Telegram kanalidan olindi

Kursiv Uzbekistan 15-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi

O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Filippinni yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Filippinni yirik hisobda mag‘lub etdi
Foto: O’zbekiston xokkey federatsiyasi

O‘zbekiston terma jamoasi xokkey bo‘yicha jahon chempionatidagi ikkinchi uchrashuvini ishonchli o‘tkazdi. Jamoa Filippinni 28:3 hisobida mag‘lub etib, turnirdagi yetakchiligini mustahkamladi.

Uchrashuv boshidanoq o‘zbekistonliklar tashabbusni qo‘lga oldi. Birinchi bo‘limda jamoa 6 ta shayba kiritib, atigi bittasini o‘tkazib yubordi. Ikkinchi bo‘limda ustunlik yanada oshdi. O‘zbekiston yana 12 ta gol urdi. Himoya ham ishonchli o‘ynab, raqibga faqat bir bor imkon berdi. Uchinchi bo‘limda esa jamoa ustunlikni yakuniy hisobga aylantirdi. Yana 10 ta shayba kiritildi va umumiy hisob 28:3 bo‘ldi. O‘zbekiston zarbalar soni bo‘yicha ham katta ustunlikka ega bo‘ldi. Jamoa darvozaga 79 marta zarba berdi, Filippin esa 17 marta.

Aktrisa Dono Boboxonova 80 yoshida vafot etdi

Aktrisa Dono Boboxonova 80 yoshida vafot etdi
Aktrisa Dono Boboxonova 80 yoshida vafot etdi / Foto: YouTube

Taniqli teatr va kino aktrisasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dono (Danisiya) Dayanovna Boboxonova 2026-yil 15-aprel kuni 80 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston davlat drama teatri ma’lum qildi. Aktrisa 1946-yil 20-noyabrda Qozog‘iston SSR hududidagi Olmaota viloyati, Uyg‘ur tumanida tug‘ilgan. Dono Boboxonova aktyorlik faoliyatini 1968-yilda «Yosh gvardiya» teatrida boshlagan.

Javohir Sindorov va Bibisora Assubayeva munosabatlariga izoh berildi

Bibisora Assubayeva
Foto: Bibisora Assubayevaning Telegram kanalidan olindi

Kiprda o‘tayotgan turnir fonida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov va qozog‘istonlik Bibisora Assubayeva o‘rtasidagi munosabatlar ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinmoqda.

Muxlislar e’tiborini tortgan asosiy jihat – Assubayeva tomonidan joylanayotgan suratlar va ikki shaxmatchining musobaqa davomida birga ko‘rinayotgani bo‘ldi. Bu esa ularning munosabatlari oddiy do‘stlikdan ortiqmi, degan savollarni kuchaytirdi. Mazkur holatga Sindorovning buvisi ham munosabat bildirdi. Uning aytishicha, yoshlar bir-birini bolaligidan yaxshi taniydi va uzoq yillardan beri aloqada. Agar kelajakda Javohir Bibisoraga uylanish qarorini qabul qilsa, oila bunga qarshi bo‘lmaydi.

O‘zbekistonlik futbolchi Londonning «Chelsi» akademiyasiga qabul qilindi

Foto: Instagram / Yahyoxoja Ulugxojayev

O‘zbekistonlik 15 yoshli iqtidorli futbolchi Zufarxo‘ja Akramxo‘jayev o‘z faoliyatini Londonning «Chelsi» klubi tizimida davom ettiradi. U Angliyada o‘tkazilgan ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tib, akademiyaning U15 jamoasiga qabul qilindi. Futbolchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etib, o‘zini ko‘rsata olgan. Klubdagilar uning o‘yinni tushunishi, texnikasi va maydondagi ishonchini alohida ta’kidlagan. Natijada 10-aprel kuni futbolchiga «Chelsi» akademiyasidan rasmiy taklif kelib tushgan.

Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi / Foto: Shirak Avia

2026-yilning may oyidan boshlab Toshkent va Yerevan o‘rtasidagi muntazam yo‘lovchi reyslari yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.

Rejalarga ko‘ra, parvozlar haftada bir marta Boeing 737 samolyotlarida amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalishda tashuvchi sifatida Shirak Avia aviakompaniyasi faoliyat yuritadi. Aviakompaniya Zvartnots xalqaro aeroporti bazasida joylashgan bo‘lib, 2019-yildan buyon xalqaro reyslarni amalga oshirib kelmoqda. Uning havo kemalari parki Boeing 737 oilasiga mansub samolyotlardan iborat.

Mikel Arteta «Bornmut»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng uzr so‘radi

Mikel Arteta / Foto: FOX Sports

Londonning «Arsenal» klubi Angliya Premyer-ligasi doirasida o‘z maydonida «Bornmut»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta omadsiz o‘yindan so‘ng jurnalistlar va muxlislardan rasman uzr so‘radi.

«Bu xuddi yuzga tushirilgan kuchli zarbaga o‘xshaydi, yigitlarga ham aynan shunday dedim. Bugun biz ba’zi vaziyatlarda o‘z darajamizdan juda pastda bo‘ldik», — dedi Arteta jamoaning harakatlarini tanqid qilib.

«Xalqlar do‘stligi» saroyi hududidagi noqonuniy reklama bannerlari olib tashlandi

«Xalqlar do‘stligi» saroyida noqonuniy bannerlar olib tashlandi
Foto: Afisha.uz

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi «Xalqlar do‘stligi» saroyi hududida noqonuniy reklama bannerlari aniqlanib, olib tashlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi. Monitoring ishlari davomida mutaxassislar ushbu madaniy meros obyektida bannerlar hech qanday ruxsatsiz o‘rnatilganini aniqlagan. Holat Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 649-son qarori asosida tekshirildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, madaniy meros obyektlarida tashqi reklama joylashtirish taqiqlanadi. Xususan, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 26-moddasida bu boradagi aniq talablar belgilangan.

Xitoyda erkak 20 yil davomida ichakda termometr bilan yashagan

Foto: Wiebo

Xitoyda 32 yoshli erkak 20 yil avval tasodifan yutib yuborgan simobli termometr uning ichak qismida qolib ketgani aniqlanib, shifokorlar tomonidan olib tashlandi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, erkak qorin og‘rig‘i shikoyati bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Tekshiruvlar davomida uning o‘n ikki barmoqli ichagida begona jism borligi aniqlangan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u ushbu termometrni o‘smirlik davrida tasodifan yutib yuborgan, biroq qo‘rquv sababli bu haqda ota-onasiga aytmagan va vaqt o‘tishi bilan voqeani unutib yuborgan.

Shuningdek