Xalqaro tanlovlar g‘oliblariga 30 million so‘mgacha pul mukofoti beriladi

2026 – 2027-yillarda xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib hamda sovrindor bo‘lgan maktab va yozgi to‘garak o‘quvchilari hamda ularning ustozlariga pul mukofotlari beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, tajriba-sinov tariqasida xalqaro tanlovlarda «Gran-pri» va 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga 30 mln so‘m, ularning o‘qituvchilari (konsertmeysterlariga) esa 20 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. 2-o‘rin uchun o‘quvchilarga 20 mln so‘m, ustozlariga 10 mln so‘m, 3-o‘rin uchun esa mos ravishda 10 mln so‘m va 5 mln so‘m ajratiladi.
Shuningdek, umumxalq bayram dasturlari va yirik anjumanlarning badiiy qismlarida iqtidorli o‘quvchilar hamda ijodiy jamoalar ishtirokini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Bundan tashqari, a’lo baholarga o‘qiyotgan 10 nafar o‘quvchi maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori asosida Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlariga imtihonsiz, qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovi g‘oliblarining ustozlariga 41 million so‘mgacha mukofot puli berilishi haqida yozgan edik.