Navoiyda 2 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irligi aniqlandi

Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida 2 mlrd so‘mlik noqonuniy gaz iste’moli aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Tekshiruv Bosh prokuratura shtabi hamkorligida o‘tkazilgan. Unda «I.» MChJga qarashli binoda qoidabuzarlik aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, korxona gaz tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari ulanib olgan. Natijada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holat oqibatida gaz ta’minoti korxonasiga 1 mlrd 985 mln so‘m zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Navoiyda 13 mlrd so‘mlik oltin talon-toroj qilingani fosh etilgani haqida yozgan edi.
Tadbir davomida 200 kg yarimtayyor oltin, 200 qop oltinli qum va toshlar, 300 kg kimyoviy moddalar, laboratoriya jihozi, 8 ta gaz ballon va maxsus tegirmon musodara qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat va ekologiyaga yetkazilgan zarar 7 mlrd so‘mdan oshgan.