Qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlashga qarshi tekshiruvlar boshlandi

eʼlon qilindi
Dastlabki tekshiruvlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida olib borildi
reyd
Foto: Ekologiya qo‘mitasi

O‘zbekistonda qurilish chiqindilarini tartibsiz tashlash bilan bog‘liq muammolar keskinlashgani sababli keng ko‘lamli o‘rganish va nazorat ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

So‘nggi yillarda mamlakatda qurilish hajmi keskin oshgani chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni ham yuzaga chiqarmoqda. Xususan, Chorvoq hududida qurilishlar 2020-yilga nisbatan bir necha barobarga ko‘paygani fonida chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari ham ortgani aniqlangan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday qoidabuzarliklar uchun jiddiy javobgarlik belgilangan. Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlagan fuqarolar va mansabdor shaxslar jarimaga tortiladi, takror holatlarda esa jarimalar yanada oshadi.

Mazkur muammoga qarshi kurashish maqsadida Prezident farmoni asosida tashkil etilgan maxsus komissiya respublika bo‘ylab reyd tadbirlarini boshladi. Bosh prokuratura, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya hamda ekologiya tizimi vakillaridan iborat ishchi guruhlar joylarga chiqib, holatni o‘rganmoqda.

Dastlabki tekshiruvlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida olib borildi. Natijalarga ko‘ra, hududdagi eski chiqindi poligonlari yopilgani va chiqindilar boshqa tumanlarga olib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgan.

Aprel oyining o‘rtalarida o‘tkazilgan reydlar davomida yuzdan ortiq qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Shuningdek, atmosfera havosini ifloslantirish bilan bog‘liq holatlar ham qayd etildi.

Nazoratni kuchaytirish maqsadida hududlarda videokuzatuv tizimlari o‘rnatilmoqda. Hozirda bir nechta nuqtalarda kameralar ishga tushirilgan bo‘lib, yaqin kunlarda ularning soni yanada ko‘paytiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi 87 ta sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek