21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarliklar aniqlandi

Toshkent shahrida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 21 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi tender savdolarida qonun talablariga zid holatlar aniqlangan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mazkur holat qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan «Quyuv-mexanika zavodi» aksiyadorlik jamiyati o‘tkazgan tender savdolarini o‘rganish jarayonida aniqlangan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston temir yo‘llari tizimiga kiruvchi korxona tomonidan o‘tkazilgan 8 ta tanlov savdosi, umumiy qiymati 21 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan xaridlar, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun talablariga mos kelmagani aniqlangan. Xususan, savdolar jarayonida raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan holatlar qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atilib, buyurtmachi tashkilotga nisbatan tegishli ta’sir chorasi qo‘llangan. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 16,4 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida yozgandi.