Leo Messi va Argentina futbol assotsiatsiyasi firibgarlikda ayblanib sudga berildi

16-aprel 2026 13:27 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: The Independent

Amerikaning VID promouterlik kompaniyasi Lionel Messi hamda Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) ustidan Janubiy Florida sudiga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, VID kompaniyasi AQShda Venesuela va Puerto-Rikoga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini tashkil etish hamda eksklyuziv huquqlar uchun AFAga $7 mln to‘lagan. Shartnomaga asosan, agar sog‘lom bo‘lsa, Messi har bir o‘yinda kamida 30 daqiqa harakat qilishi belgilangan edi. Biroq u Venesuelaga qarshi dastlabki uchrashuvda maydonga tushmagan va o‘yinni VIP lojadan kuzatgan. Ikkinchi o‘yinda esa to‘liq 90 daqiqa o‘ynagan.

Foto: Sun Sintinel

Da’vogarning ta’kidlashicha, futbolchi jarohat olmagan. Bunga uning ertasigayoq «Inter Mayami» safida maydonga tushib, ikkita gol va bitta assist qayd etgani asos qilib ko‘rsatilmoqda.

O‘z navbatida, Argentina futbol assotsiatsiyasi zararni qoplash maqsadida 2026-yilda Xitoyga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilib berishni va’da qilgan, lekin ushbu kelishuv amalga oshmagan. Talab qilinayotgan tovon pulining aniq miqdori ochiqlanmagan, ammo VID kompaniyasi yuzaga kelgan vaziyat oqibatida bir necha million dollar miqdorida zarar ko‘rganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lionel Messi faoliyatidagi 900-golini kiritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek