Ipak Yuli Bank YTTBʼning tasdiqlovchi bank maqomini oldi

Ipak Yuli Bank Savdoga koʻmaklashish dasturi (Trade Facilitation Programme, TFP) doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)ning tasdiqlovchi bank maqomini oldi. Kelishuv 13-aprel kuni Londonda imzolandi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan nashriga.
Ta’kidlanishicha, mazkur maqom bankka xalqaro bitimlar boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash imkoniyatini taqdim etadi. Bu esa xorijiy hamkorlar bilan ishlashda biznes uchun qoʻshimcha himoya vositasi boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, dasturda qatnashish bank mijozlariga YTTB koʻmagida hujjatli biznes vositalari, ya’ni akkreditivlar va bank kafolatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Bank Boshqaruv raisi oʻrinbosari Forrux Isxakovning ta’kidlashicha, YTTB bilan kelishuv imzolanishi mijozlarga xalqaro hisob-kitoblar uchun yanada ishonchli va raqobatbardosh yechimlarni taklif etish imkonini beradi.
Jumladan, Tradeloan va faktoring kabi savdo moliyalashtirish vositalari biznesga xalqaro shartnomalar bilan ishlash va aylanma mablagʻlarni muzlatmaslik imkonini beradi. Tradeloan xorijiy hamkorlar bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilishga yordam beradi, faktoring esa yuk joʻnatilgach, toʻlovni kutmasdan mablagʻning 100 foizigacha olish imkonini beradi.
Eslatib oʻtamiz, Ipak Yuli Bank 2025-yilda Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning savdo moliyalashtirish dasturi doirasida tasdiqlovchi bank sifatida e’tirof etilgan edi.
Ma’lumot uchun, tashkilot mamlakat mustaqillikka erishganidan keyingi ilk xususiy bank hisoblanadi. Bugungi kunda bank 3,5 milliondan ortiq mijozga xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda banklararo toʻgʻridan toʻgʻri pul oʻtkazish xizmati ishga tushgani haqida yozgan edi.