O‘zbekistonda deyarli ovqat yeyolmay qolgan 5 yoshli bolaga murakkab operatsiya qilindi

eʼlon qilindi
Professor boshchiligidagi shifokorlar jamoasi tomonidan taxminan 5 soat davom etgan noyob operatsiya o‘tkazildi
O‘zbekistonda deyarli ovqat yeyolmay qolga 5 yoshli bolaga murakkab operatsiya qilindi
O‘zbekistonda deyarli ovqat yeyolmay qolga 5 yoshli bolaga murakkab operatsiya qilindi / Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekistonda o‘ta murakkab jarrohlik amaliyoti natijasida og‘ir ahvolda bo‘lgan 5 yoshli bola hayoti saqlab qolindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Bemor avvalroq tasodifan kaustik soda ichib yuborishi oqibatida qizilo‘ngachning jiddiy shikastlanishi va torayishi bilan og‘ir holatga tushib qolgan. Vaqt o‘tishi bilan u deyarli ovqat qabul qila olmaydigan darajaga yetgan.

Dastlab bola Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelinib, vaqtincha oshqozonga maxsus naycha o‘rnatilgan. Keyinchalik esa murakkab jarrohlik zarurligi aniqlangan.

Oila dastlab davolanishni xorijda davom ettirishga qaror qilgan, biroq u yerda o‘tkazilgan operatsiyadan so‘ng bemorning holati yanada og‘irlashgan. Natijada u qayta O‘zbekistonga olib kelingan.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, xorijdagi jarrohlikda oshqozon yuqoriga ko‘tarilib, qizilo‘ngach o‘rniga ulangan va bu holat yurakka bosimni kuchaytirib, jiddiy asoratlarni keltirib chiqargan.

Keyinchalik Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari, professor boshchiligidagi shifokorlar jamoasi tomonidan taxminan 5 soat davom etgan noyob operatsiya o‘tkazildi. Jarrohlik davomida oshqozon qayta joyiga o‘rnatilib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirildi.

Hozirda bolaning ahvoli yaxshilanganini va yaqin kunlarda u uyiga javob berilishini ma’lum qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘rta tibbiyot xodimlari Germaniyadagi klinikalarga 2650 dollarlik ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek